Namanganda ekologik toza jamoat transportini joriy etish bo‘yicha yangi loyihalar ko‘rib chiqildi

Chop etish Sahifani ulashish
12.06.2025 383 Yangiliklar

Namangan shahrida aholiga qulay va ekologik toza jamoat transportini tashkil etish, transport sohasini rivojlantirish bo‘yicha qator yangi loyihalar ko‘rib chiqilmoqda. Jumladan, Transport vazirligi, BMT Taraqqiyot Dasturi va Global Ekologiya Fondi hamkorligidagi "Toshkent – Kam uglerodli transportga investitsiyalar jalb etishni jadallashtirish" (TAILEV) loyihasi doirasida Namanganda ham “yashil shahar transport yo‘laklari”ni tashkil etish va elektrobuslarni joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda.

Shu munosabat bilan Namangan shahar hokimi Anvarjon Otaxodjaev TAILEV loyihasi boshqaruv guruhi rahbari Nodir Xudoyberdievni qabul qildi. Uchrashuvda shaharda ekologik toza jamoat transportini joriy etish masalalari, loyihaning texnik va amaliy jihatlari muhokama qilindi.

Loyihaning asosiy maqsadi — shahar muhitining sifatini yaxshilash, tirbandliklarni qisqartirish va atmosferaga chiqariladigan zararli moddalar miqdorini kamaytirish maqsadida elektr transport vositalaridan foydalanishni keng joriy etishdir.

Tailev loyihasi doirasida Namangan shahrida “Yashil shahar transporti koridori”ni tashkil etish va jamoat transportida elektrobuslardan foydalanishga o‘tish bo‘yicha pilot loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu maqsadda elektrobuslar saroyini tashkil etish ham ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga yangi elektrobuslar hamda maxsus texnikalarni joriy etish bo‘yicha fikr almashildi. Loyiha xamkorlik asosida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, hozirda uning dastlabki ishlari olib borilmoqda.